O‘zbekiston tekstilining Yevropaga borishi osonlashadi
Yevroittifoq va O‘zbekiston o‘rtasidagi sherikchilik va hamkorlik kelishuvi tarkibiga «tekstil protokoli» ham kiritildi. U O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tekstil mahsulotlarining Yevropaga olib kirilishini osonlashtiradi, deb xabar beradi «Gazeta.uz».
Tegishli qonun Oliy Majlis Senatining plenar yig‘ilishida ratifikatsiya qilindi.
Ilgari kelishuv doirasida eng katta qulayliklar rejimi O‘zbekistondan tekstil tovarlarining import qilinishiga nisbatan qo‘llanilmas edi. Bu soha O‘zbekiston va Yevroittifoqning 2011 yil 7 aprelidagi tekstil mahsulotlari savdosi bo‘yicha kelishuvi asosida yuritilar edi.
Shuningdek, hujjat O‘zbekiston tekstil mahsulotlarining Yevroittifoq mamlakatlariga yetkazilishi, u yerda qayta ishlanishi yoki u yerdan tranzit qilinishi uchun bojxona imtiyozlarini nazarda tutadi.
2016 yil dekabrida Yevroparlament Yevroittifoq va O‘zbekiston o‘rtasidagi kelishuvga «tekstil protokoli» kiritilishini ratifikatsiya qilgan edi. Qaror O‘zbekiston yevrodeputatlarning paxta terimida bolalar mehnatidan foydalanilishini yo‘q qilish borasidagi talabini bajarganidan so‘ng qabul qilingan edi.