Koreya tekstil texnologiyalari instituti delegatsiyasi Toshkentda ilk o'zbek-koreys texnoparki qurilishi loyihasining batafsil namoyishini o'tkazdi. Bu haqda Sputnik Uzbekistan xabar bermoqda.
Institut direktori Pak Yong Xvanning so'zlariga ko'ra, 2017 yil so'ngiga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan loyihaning umumiy qiymati 15 million dollarni tashkil etadi.
“Ushbu mablag'lar hisobga qurilish-montaj ishlarini olib borish, texnologik uskunalarni sotib olish va o'rnatish, texnoparkda ishlash bo'yicha xodimlarni o'qitishga sarflash rejalashtirilgan. O'ylaymanki, mazkur yo'nalishdagi hamkorligimiz ikki mamlakat yengil sanoatida faoliyat ko'rsatayotgan o'zbek va koreys mutaxassislarining hamkorligini mustahkamlaydi”, - dedi u.
Koreys tomoni yuqori texnologiyali uch va besh qavatli ma`muriy, shuningdek, quyosh batareyalari bilan ta`minlangan, samarali texnologiyalarni qo'llagan holda eksperimental ishlab chiqarish uchun mo'ljallangan hamda yerto'laga ega ikki qavatli alohida binoning xomaki rejasini taqdim etdi.
Kompleksning umumiy maydoni 10 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Rejaga muvofiq, uch qavatli korpusning 4 ming kvadrat metrdan ziyod hududida o'quv xonalari, anjuman zallari, ko'rgazma binolari, laboratoriyalar, idoralar, oranjyereya (bino ichidagi sun`iy ekotizim) va boshqa obektlar o'rin egallaydi. Ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi 1,5 ming kvadrat metr maydonni egallagan ikki qavatli binodan joy oladi. Bu yerga to'quv, bo'yash-bezak berish, tikuv dastgohlari o'rnatiladi.
Texnoparkda respublikadagi tekstil muassasalari bilan yaqin aloqada faoliyat ko'rsatuvchi dizayn-guruhlar ham ish olib boradi. Bunday hamkorlikdan ko'zlangan maqsad yangi mahsulotlar turlari va dizaynerlik g'oyalarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirishni yo'lga qo'yishdan iborat.